Dr. Ali — mahsulot samaradorligini isbotlovchi qadoq dizayni
Qadoq dizaynida nima muhim? Uslub, estetika yoki funksionallik? Mahsulot qadog‘i dizaynida bu uchta jihatning barchasi muhim. Uslub mahsulotni ajratib turadi, estetika mijozni jalb qiladi, funksionallik esa foydalanish qulayligini ta’minlaydi.
Muammo, vazifa
Bizga Dr. Ali kompaniyasi Alsab loyihasi bilan murojaat qildi. Alsab — ko‘zlar salomatligi va ko‘z nurini tiklashga qaratilgan to‘plam. Vazifamiz raqobatbardosh va mijozlar qalbidan joy oladigan mahsulot hosil qilish bir qadoqda uslub, estetika va funksionallikni uyg‘unlashtirishdan iborat edi.
Yechim
Biz to‘plamdagi har bir mahsulotning tashqi ko‘rinishini ishlab chiqdik, 3D-modellar yasab, to‘plam uchun umumiy qutini shakllantirdik. Qo‘llanmani illyustratsiyalar va har bir mahsulotni qo‘llash yo‘riqnomasi bilan boyitdik. Logotip uchun ko‘z timsolini asos qilib oldik, qora va tillarangdan foydalandik va shu orqali mahsulotning premium ekaniga urg‘u berdik. Shuningdek, biz qutining o‘zini foydali qiladigan jihat qo‘shishga qaror qildik. Quti muqovasining ichki qismiga ko‘z nurini tekshirish uchun jadvallar qo‘shdik. Endi xaridorlar to‘plam mahsulotlaridan shunchaki foydalanishmaydi, balki ularni qo‘llash orqali olgan foydalariga baho berishlari ham mumkin bo‘ladi. Shunday qilib, biz o‘zining asosiy vazifalaridan tashqari mahsulotning samarali ekanini ham isbotlaydigan qadoq yaratdik.
Natija
Mahsulot shu yilning avgust oyida sotuvga qo‘yildi. Birinchi oydanoq sotuvlar 1000 donadan oshdi, bu esa uning premium narxiga qaramay, jozibador ekanini hamda mijozlar ishonchini qozonganini anglatadi.